Ijod maktablari

Ijod maktablarining maqsadi va vazifasi

  • Mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan o‘quvchi-yoshlar orasidan badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan, iqtidorlilarini saralash, ulardagi iste’dodni yanada rivojlantirish uchun tegishli sharoit yaratish;
  • Zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan ijodkor yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha ilg‘or pedagogik texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish;
  • Ijod maktablari o‘quvchilarini barcha sohalar bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalarga, keng tafakkurga ega bo‘lgan zamonaviy shaxs sifatida voyaga yetkazish;
  • Iqtidorli bolalarga ona tili va adabiyot sohasining sir-asrorlarini o‘rgatish bilan birga ularning dunyo tillarini chuqur o‘rganishini ta’minlash, bu bilan kelajakda o‘zbek adabiyoti, jurnalistikasi orqali o‘zbek adabiyoti va san’ati, fan yutuqlarining jahonga keng ommalashishini ta’minlaydigan kadrlarni tayyorlash.

 

9 ta ijod maktablari faoliyat koʻrsatmoqda

Bugungi kunda Nukus shahrida Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabi, Andijonda Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi, Namanganda Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, Qashqadaryoda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi, Xorazmda Muhammadrizo Ogahiy nomidagi ijod maktabi, Farg‘onada Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi hamda Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi joylashgan.

Hozirda faoliyat olib borayotgan 9 ta ijod maktablarda uch bosqichli tanlov natijalariga koʻra saralab olingan 1700 nafardan ziyod oʻquvchilarga 205 nafardan ortiq oʻqituvchi taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

 

Ijod maktablaridagi talim-tarbiya

Ijod  maktablarda ona tili, adabiyot, ingliz tili bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishi hamda “Aktyorlik mahorati”, “Audiovizual asarlarni yaratish”, “Web dizayn”, “Kompyuter grafikasi”, “Tasviriy va raqamli san’at”, “Jurnalistika”, “Ijodiy to‘garak”, “Yosh tarjimonlar” va boshqalar boʻyicha to‘garak mashg‘ulotlari yoʻlga qoʻyilgan.

Iqtidorli yoshlarga bilim berish, oʻz bilimlarini amaliyotda qoʻllay bilishlari maqsadida har bir maktab fizika, kimyo va biologiya oʻquv fanlarining zamonaviy laboratoriya va robototexnika jihozlari, kimyoviy reagentlar bilan taʼminlangan.

Ijod maktablari o‘quvchilarini zamonaviy va milliy kasb-hunarlarga yo‘naltirish maqsadida 21 ta kasb-hunar ro‘yxati tasdiqlandi. Bugungi kunda 1 200 nafar (75 foiz) o‘quvchilarni zamonaviy va milliy kasblarga o‘rgatish ishlari olib borilmoqda.

Muhammad Rizo Ogahiy, Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya hamda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablarida ikkinchi xorijiy til sifatida turk tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, darslar  xorijdan turk tili o‘qituvchilari  tomonidan olib boriladi.

Ijod maktablar uchun chuqurlashtirilib o‘qitiladigan fanlardan darsliklar 100 foiz mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablar darajasida ishlab chiqilgan bo‘lib, ijod maktablari o‘quv dasturiga amaliy fanlar  “San’at” (ART)  hamda “Maxsus fan” kiritilgan. 

Is’hoqxon Ibrat  va Abdulla Oripov nomidagi  ijod maktablari xalqaro bakalavriat (International Baccalaureate - IB) tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtkazilmoqda. Bu orqali bitiruvchilar maktabni bitirganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi berilishiga erishiladi.   

Respublikamizdagi Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabida ta’lim qoraqalpoq tilida bo‘lib, qolgan barcha ijod maktabida ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi. 

Ijod maktablarning barchasida o‘quvchilar uchun yotoqxona mavjud bo‘lib, ushbu ta’lim dargohlarida o‘quvchilar 5 mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi.

 

Ijod maktablaridagi o‘quvchilarning yutuqlari

Ijod maktablari tashkil etilgandan buyon 350 nafardan ortiq o‘quvchilarning ijodiy ishlari chop etilgan. 410 nafar o‘quvchilarining ijodiy ishlarini o‘z ichiga olgan “Ijod bog‘idan guldasta” she’riy to‘plamining 4 ta soni chop etilgan bo‘lib,  bu to‘plamni  har o‘quv yilida  ikki marotaba nashr etish  yo‘lga qo‘yilgan.

2022/2023 oʻquv yilida ijod maktablaridagi 223 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 83 foizi (186 nafari) xalqaro va milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, ularning 15 foizi muddatidan oldin xorijiy va 85 foizi mahalliy oliygohlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. Bu ko‘rsatkich 2022yilga nisbatan 28 foizga o‘sgan. Ular jami 5,3 mln. AQSH dollari miqdoridagi grant sohibi bo‘lishdi. Ulardan 8 nafari “El yurt umidi” jamg‘armasining stipendiasini qo‘lga kiritdi.

Ijod maktabi o‘quvchilari Xalqaro va davlat grantlari, “Zulfiya”, Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, “Yosh kitobxon” respublika tanlovlari, “Zakovat” intellektual  o‘yinlari, fan olimpiadalarda   faxrli o‘rinlarni egallab  kelmoqda.